Nankin — 2014’ning og‘ir atletika bo‘yicha vazni 56 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Adhamjon Ergashev bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Uff.uz xabar bermoqda.
Umidli sportchi Adhamjon dast ko‘tarishda 110 kilogramm, siltab ko‘tarishda esa 133 kilogramm toshni o‘ziga bo‘ysundirdi va ikki kurash yakuniga ko‘ra, 243 kilogramm natija bilan o‘smirlar olimpiada o‘yinlarining bronza medali sovrindori bo‘ldi.
Mazkur musobaqada oltin medalga 283 kilogramm natija (128 kg 155 kg) bilan xitoylik Chen Meng sazovor bo‘ldi. Adhamjon Ergashev kabi 243 kilogramm natija (108 kg – 135 kg) qayd etgan vyetnamlik Nguyen kumush medal sovrindori bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, og‘ir atletika sport turida sportchilar ko‘rsatgan natija bir xil bo‘lganda, vazni yengilroq sportchiga yuqori o‘rin beriladi. Mazkur musobaqada kumush medal Adhamjondan 40 gramm yengil bo‘lgan vyetnamlik sportchiga berildi.
22-avgust kuni og‘ir atletika bo‘yicha o‘tkaziladigan navbatdagi musobaqalarda yana ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi bahsga kirishadi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqada Farhodbek Sobirov (-85 kg) g‘oliblik uchun kurash olib borsa, qizlar musobaqasida Kamila Abdullayeva (+63 kg) ishtirok etadi.
Izoh (0)