Madridning “Real” klubi Yevropa superkubogi uchun kechgan bahsda “Sevilya”ni mag‘lub etdi va o‘z tarixida ikkinchi marotaba ushbu sovrinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Stadion.uz xabar bermoqda.
O‘yin tengma-teng kurashlar ostida boshlangan bo‘lsa-da, Anchelotti shogirdlari asta-sekin bosimni oshirib bordi va 29-daqiqada o‘z maqsadiga erishdi. Beylning olis masofadan amalga oshirgan uzatmasiga barchadan avval yetib kelgan Ronaldu darvozani ishg‘ol qildi.
Ikkinchi bo‘limni andalusiyaliklar shiddat bilan boshladi, ammo gol urish yana Ronalduga nasib etdi. U Benzema tomonidan uzatilgan to‘pni darvozaga burib yubordi va hisobni 2:0 ga yetkazdi.
Shundan so‘ng “Sevilya”ning shashti biroz pasaydi va ular, asosan, himoyalanishdi. “Real” esa bir qancha imkoniyatlardan foydalana olmadi. Unay Emeri shogirdlari qo‘shib berilgan daqiqalarda bitta javob to‘pini kiritishlari mumkin edi, biroq Karlos Bakkaning zarbasini Iker Kasilyas mahorat bilan qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.
Yevropa superkubogi
“Real Madrid” (Ispaniya) — “Sevilya” (Ispaniya): 2:0 (1:0)
Gollar: 1:0 — 30 Ronaldu, 2:0 — 49 Ronaldu.
“Real Madrid”: Kasilyas, Ramos, Karvaxal, Pepe, Koentrau (Marselo, 84), Beyl, Xames (Isko, 72), Kroos, Modrich (Ilyarramendi, 86), Benzema, Ronaldu.
“Sevilya”: Betu, Koke (Figeyrash, 84), Karrisu, Parexa, F. Navarro, Vitolo, Krixovyak, A. Vidal (Aspas, 66), D. Suares (Reyes, 79), Fasio, Bakka.
Ogohlantirishlar: Vitolo (42), Karvaxal (45), Kroos (53), F. Navarro (66).
Izoh (0)