Rossiyadagi “Missis Dunyo” tanlovining rasmiy vakili — “Chetvyortaya vlast” (“To‘rtinchi hukumat”) kompaniyasi bergan axborotga ko‘ra, Sankt-Peterburgda istiqomat qiluvchi Yuliya Ionina “Missis Dunyo” tanlovida g‘alaba qozonmagan. Ma’lum bo‘lishicha, u Queen Beauty World (“Dunyoning go‘zal qirolichasi”) nomli norasmiy go‘zallik tanlovida birinchi o‘rinni olgan. Bu haqda “ITAR-TASS”ga tayanib, “Vesti” xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda “Missis Dunyo — 2014” maqomining 29 yoshli rossiyalik ayolga berilgani haqida avval xabar bergan edik.
“Chetvyortaya vlast” vakillari o‘tgan hafta Ekvadorda o‘tkazilgan Queen Beauty World tanlovining “Missis Dunyo” bilan bog‘liq emasligini Mrs. World, Inc. kompaniyasi va uning prezidenti Devid Marmel nomidan ma’lum qildi.
Yuliya Ioninaning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardan biridagi sahifasida tanlovlarning bir-biridan farq qilishi haqida ogohlantirilmaganini ta’kidladi. “Tanlovdagi vakilim menga Queen Beauty World — 2014’da g‘alabaga qozonganimni ta’kidlagan holda rasman ‘Missis Dunyo’ nomini ishlata olishim mumkinligini aytgan edi.
Kelgusidagi anglashilmovchiliklarni oldini olish maqsadida OAVlaridan hozirdan boshlab meni rasman ‘Dunyo qirolichasi — 2014’ deb atashlarini iltimos qilaman”, — deb qayd etdi Ionina.
“Missis Dunyo” (Mrs. World — 2014) tanlovining final bosqichi noyabr oyining oxirida Vashingtonda bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)