Islom Karimovning 2014-yil 1-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, davlat va jamoat tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan joylarda, xususan, mahallalarda keng ko‘lamli chora-tadbirlar o‘tkazilmoqda, deb yozadi O‘zA.
“Bayram kunlari tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar tasdiqlangan reja asosida izchillik bilan amalga oshirilmoqda, — deydi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi mayor O‘ktam Rahmatov. – Bunda hokimliklar va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda”.
Pasport rejimi qoidalariga amal qilinishini ta’minlash bo‘yicha reydlar o‘tkazilib, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Aholi punktlari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarida yong‘in xavfsizligi tadbirlari yanada kuchaytirildi. Soha xodimlari aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Tegishli idoralar bilan hamkorlikda 11 mingga yaqin xonadon, 1000 dan ziyod ko‘pqavatli uy, ko‘plab tashkilot va korxonalarda tekshirishlar o‘tkazildi. Natijada yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzayotgan 121 nafar mansabdor shaxs va fuqaroga tegishli ravishda jarima qo‘llanilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Shuningdek, Toshkent shahar yo‘l-patrul xizmati maskanlarida avtotransport vositalari qat’iy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida mahallalar, korxona va tashkilotlar, o‘quv muassasalarida ogohlikka chorlovchi tadbirlar, “O‘z uyingni o‘zing asra” mavzusida uchrashuv va suhbatlar tashkil etilyapti.
Izoh (0)