O‘tgan hafta poytaxtni Namangan bilan bog‘lovchi taksi yo‘nalishlariga kiritilgan bir qancha o‘zgarishlar kuchga kirdi. Xususan, yo‘lovchilarni manzilga yetkazish narxi belgilab qo‘yildi, deb xabar bermoqda “Anhor” UzInform portali ma’lumotiga tayanib.
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti (“O‘zdaryotrans”) agentligi xavfsizlikni ta’minlash maqsadida haydovchilar ishini tartibga solmoqda.
Noqonuniy taksilarni tartibga solish maqsadida 3-avgustdan boshlab Namangan — Toshkent — Namangan yo‘nalishida harakatlanuvchi barcha taksilar haydovchilari qaytadan litsenziya olishlari talab etilmoqda.
“O‘zdaryotrans” yangiliklariga muvofiq, barcha haydovchilar xavfsizlik qoidalarini nazorat qiluvchi yangi tashkil etilayotgan avtomobil muassasalariga biriktiriladi. Loyiha doirasida avtomobillar uchun taniqlilik belgilari, xususan, transport vositasining tom qismiga “YT” belgisi va olovrang chiroq o‘rnatiladi. Yo‘nalishli taksining old eshiklariga o‘rtasida aylana bilan ajratilib, “YT” harflari yozilgan shaxmat tartibidagi qora kvadratlardan iborat surat tushiriladi. Biroq bunday avtomobillar uchun rang belgilanmagan.
Shuningdek, haydovchilarning to‘rt soatdan kam bo‘lmagan dam olish vaqti belgilab qo‘yildi.
Qoidalarga ko‘ra, yo‘lga chiqishdan oldin avtomobilga kerakli miqdorda benzin quyilgan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, yo‘lovchi eltish xizmatining narxi bosib o‘tilgan har bir kilometr uchun 115 so‘m etib belgilandi. Shunga muvofiq, 268 kilometrdan iborat Namangan — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qatnov 31 ming so‘m etib belgilandi.
“MMA-Mehmondo‘st” MChJ rahbari Abdurahmon Sherg‘oziyevning aytishicha, belgilangan narx ob-havoga qarab yoki bayramlar arafasida ham o‘zgartirilmaydi. “Ayni vaqtda Namangandan Toshkentga 160 ta avtomobil — ‘Neksiya’ va ‘Lasetti’ harakatlanmoqda. Bundan tashqari, toshkentlik haydovchilar ham mazkur yo‘nalishda faoliyat olib bormoqda”, — deydi Sherg‘oziyev.
Shunga o‘xshash o‘zgarishlar Farg‘ona vodiysini Toshkent bilan bog‘lovchi boshqa yo‘nalishlarga ham kiritiladi. Oktabr oyida tender o‘tkazilib, unda g‘olib bo‘lganlar vodiy — poytaxt yo‘nalishlariga xizmat ko‘rsatadi.
Izoh (0)