Qozog‘istonda mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboyev e’lon qilgan hukumatni qayta tashkil etish ishlari natijasida beshta yangi vazirlik tuzildi. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda.
Nursulton Nazarboyev vazirlar mahkamasining kengaytirilgan yig‘ilishida “12 vazirlik va 30 qo‘mitadan iborat yangi hukumat tuzishga qaror qildim”, — deb ta’kidladi.
Avvalgi 17 vazirlik, to‘qqiz agentlik, 54 qo‘mita va 272 departamentning ayrimlari yangi vazirlik sifatida birlashtirildi. Xususan, yangi Milliy iqtisodiyot vazirligiga Iqtisodiyot va byudjetni rejalashtirish vazirligi, Mintaqaviy rivojlanish vazirligi, statistika, tabiiy monopoliyalarni nazorat qilish, raqobatni himoyalash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha agentliklar kiritildi. Muassasani sobiq iqtisodiyot vaziri Yerbolat Dosayev boshqaradi.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirliklari birlashtirildi, madaniyat va sport, investitsiya va taraqqiyot hamda energetika vazirliklari tashkil etildi. Favqulodda faziyatlar vazirligi Ichki ishlar vazirligi tarkibiga kiritildi. Byudjetni rejalashtish ishlari esa moliya vazirligi vazifalari doirasidan joy oldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligining vakolatlari sezilarli darajada kengaytirilib, unga atrof-muhit va suv resurslari muhofazasi, baliqchilik xo‘jaligi hamda suv resurslarini boshqarish vazifalari yuklatildi.
Nazarboyev hukumatni qayta tuzishning davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda muhim ekanligini ta‘kidlab, “Qisqartirilayotgan vazirlar hech qanday ayb ish qilmadi. Hukumat mening topshirig‘imdan kelib chiqib, ularni ishga joylash bo‘yicha qaror qabul qiladi. Ular o‘z sohasida o‘rinbosar bo‘lib ishlaydi”, — deb qayd etdi.
Izoh (0)