O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi 2014-yil avgust—oktabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 23-yilligiga bag‘ishlab, “Yilning eng yaxshi kitobi” VI Respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Tanlov respublika nashriyotlarining o‘zaro hamkorligini kengaytirish, noshirlik madaniyati va nashriyotlarning ijodiy salohiyatini yuksaltirish, sohada erishilgan yutuqlarni keng ommalashtirish, noshirlar, muharrirlar va texnik muharrirlar, musahhih, rassom-dizaynerlar, matbaachilarni rag‘batlantirish, aholining barcha qatlami, xususan, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish maqsadida yettita nominatsiya bo‘yicha o‘tkazilishi e’lon qilindi:
- “Ijtimoiy-siyosiy adabiyot”;
- “Vatan tarixi”;
- “O‘zbek va jahon mumtoz adabiyoti”;
- “Bolalar va o‘smirlar adabiyoti”;
- “ART kitob”;
- “Ma’naviy-ma’rifiy adabiyotlar”;
- “Ilmiy-fundamental asarlar, ensiklopedik nashrlar”.
- ma’no-mazmuni, ilmiy-ma’rifiy jihatdan tayyorlanish darajasi;
- tahririy-noshirlik darajasi;
- dizaynining original yechimi va badiiy yechimlarining mazmuniga, o‘quvchilar doirasiga hamda kitob maqsadlariga muvofiqligi;
- matbaa ijrosining sifati;
- nashrning ommabopligi va ijtimoiy ahamiyatliligi.
Ko‘rik-tanlovga taqdim etilayotgan nashrlar 2014-yilning 20-oktabrigacha qabul qilinadi.
Tanlov g‘oliblari tashkiliy qo‘mita tomonidan 2014-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston matbuoti” IV Milliy ko‘rgazmasi tadbirlari doirasida mukofotlanib, ularga tanlovning maxsus diplomlari tantanali ravishda topshiriladi. Ko‘rik-tanlovning axborot hamkori sifatida “Kitob dunyosi” gazetasi tahririyati e’tirof etilgan.
Izoh (0)