Qozog‘istonning Ostona shahrida tennis bo‘yicha Summer Sup turnirining asosiy to‘r bahslari start oldi. Mukofot jamg‘armasi 10 ming AQSh dollarini tashkil etuvchi musobaqada o‘zbekistonlik tennischi qizlar ham ishtirok etmoqda. Bu haqda “Olamsport” xabar berdi.
Turnirda yettinchi raqam ostida tasniflangan Vlada Yakshibarova ilk davrada qozog‘istonlik Anastasiya Yepishevani 6:4, 6:1 hisobida taslim etdi. Yana bir o‘zbekistonlik tennischi Polina Merenkova esa ukrainalik Olena Kiprotdan 3:6, 6:4, 6:0 hisobi bilan ustun keldi.
E’tiborli jihati, ikkinchi davrada aynan Yakshibarova va Merenkova bir-birlariga qarshi kortga chiqadi. Demak, o‘zbekistonlik sportchilardan biri aniq chorak finalga yo‘l oladi.
Bugun asosiy to‘rda qatnashayotgan O‘zbekistonning so‘nggi vakili Albina Xabibulina birinchi bosqichda qirg‘izistonlik Kseniya Palkina bilan hisob-kitob qiladi.
Izoh (0)