2-avgust kuni Buxoro muhandislik texnika instituti o‘qituvchilaridan biriga maoshning bir qismi sifatida 300 ming so‘m berilgan. “Turonbank” tarqatgan mazkur pullar orasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (NBU) Bosh amaliyot bo‘limi tomonidan bosilgan “Eskirgan” tamg‘ali pullar topilgan. Bu haqda Uz24 xabar bermoqda.
NBU Bosh amaliyot bo‘limiga bu borada murojaat qilinganda inkassatsiyadan olingan barcha pullar NBU g‘aznachilari tomonidan ishlatilganlik darajasiga qarab taqsimlangach, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga topshirilishi ma’lum qilindi. Markaziy bank esa pullarni respublikadagi barcha banklar filiallariga jo‘natadi.
O‘qituvchi Navoiy shahrida ishlar bilan yurganida, muomaladan chiqqan pulni birinchi bo‘lib mahalliy sotuvchi payqagan. Biroq maosh sifatida berilgan pulning 200 ming so‘mi Buxoroda ishlatib bo‘lingani bois eskirgan pullarning muomalaga chiqarib yuborilgan miqdorini aniqlashning iloji bo‘lmadi, deb yozadi Uz24.
Eslatib o‘tamiz, 23-iyul kuni “Xalq banki”ning To‘ytepa (O‘rta Chirchiq) filiali ayrim nafaqaxo‘rlarga eski, muomala uchun yaramaydigan, yo‘q qilinishi zarur bo‘lgan pullarni nafaqa sifatida tarqatgani uchun uzr so‘ragan va bu holatning boshqa qaytarilmasligini ta’kidlagan edi.
Izoh (0)