O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi muassisligida Namnews.uz yangi elektron nashri tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Elektron nashr muharriri R. Irisovning so‘zlariga ko‘ra, Namnews.uz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining 14 million so‘mlik grant mablag‘i ko‘magida tashkil etilgan.
Yangi saytning “Siyosat”, “Iqtisod”, “Ma’naviyat”, “Yoshlar”, “Sport”, “Jamoatchilik nazorati” kabi sahifalari orqali viloyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar, yangiliklar, erishilayotgan yutuq va muvaffaqiyatlar haqida xabardor bo‘lib borish, dolzarb mavzudagi tahliliy mavzular bilan tanishish mumkin.
“Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor, ayniqsa, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yo‘lida yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasi bo‘lgan ushbu sayt materiallari har kuni ikki-uch marta yangilab turiladi, — deydi elektron nashr koordinatori Ulug‘bek Ro‘zimatov. — Uni yanada takomillashtirish, mazmun-mundarijasini boyitib borish ustida izlanishlar davom etmoqda”.
Izoh (0)