AQSh Davlat departamenti rahbari Jon Kerri va BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning bayonotida qayd etilishicha, HAMAS tashkiloti va Isroilning vakillari G‘azo sektorida 72 soatga o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Sulh 1-avgust kuni soat 8:00 dan amal qilishni boshlaydi. Bu haqda BBC’ga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Kerrining aytishicha, sulh amal qilish vaqtida G‘azo sektoridagi tinch aholi gumanitar yordam bilan ta’minlanadi. Falastin va Isroil delegatsiyalari esa Misr hukumati bilan muzokara olib borish uchun Qohiraga yo‘l oladi. Misr, ayni damda, o‘t ochishning uzoq vaqtga to‘xtatilishi taklifini ilgari surmoqda.
Shu bilan bir vaqtda, shaxsi ma’lum qilinmayotgan amerikalik mansabdor shaxs AQSh ham, Isroil ham HAMAS bilan muzokaralar uchun bir stolga o‘tirmasligini ma’lum qildi. Hozirda Falastin yetakchisi Mahmud Abbos oldida HAMAS vakillarini ham kiritgan holda delegatsiya tarkibini tuzish muammosi turibdi.
Bundan avvalroq BMTning inson huquqlari bo‘yicha komissari Navi Pilley ikki tarafni ham harbiy harakatlar olib borishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yayotganlikda ayblagan. Uning fikricha, HAMAS maktab va shifoxonalarga raketa joylashtirish, shuningdek, ularni aholi zich bo‘lgan hududlardan uchirish orqali qoidalarni buzmoqda. Isroil esa G‘azo sektoridagi maktab, shifoxona va aholi turar joylaridan iborat fuqarolik hududlariga hujum qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 72 soatlik mazkur sulh Isroilning G‘azo sektorida olib borayotgan operatsiyasi davomida tuzilgan ikkinchi bitimdir. 26-iyul kuni Isroil G‘azo sektorida 12 soat davomida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgan edi.
Izoh (0)