2014-yil 30-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. Sobirov olib bordi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisini shu yil 28-avgust kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Senat yalpi majlisining kun tartibiga davlat organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘zaro hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishni, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashni, tadbirkorlarning huquqlarini, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilishni va boshqalarni nazarda tutadigan, O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi (yangi tahrirda), “Tijorat siri to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari kiritildi.
Shu bilan bir qatorda navbatdagi yalpi majlisda senatorlar mamlakatning bir qator idoralari rahbarlarining hisobotini tinglashni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqish va muhokama qilishni nazarda tutmoqda.
Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining o‘n beshinchi yalpi majlisni tayyorlash va o‘tkazish borasidagi ishini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan tegishli ishchi guruh tuzildi.
Izoh (0)