Braziliyada o‘tgan jahon chempionatida to‘rtta o‘yin boshqarib qaytgan, mundiallardagi umumiy uchrashuvlari sonini to‘qqiztaga yetkazib, rekord natija qayd etgan Ravshan Ermatov “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi. Tajribali hakam bu e’tirofdan juda xursand ekanini aytib o‘tdi, deb xabar berdi Uff.uz.
“Rostini aytsam, 100 ming muxlis o‘tirgan stadiondagi eng muhim uchrashuvni boshqarganimda ham hayajonlanmaganman, ammo hozir, yurtimiz, Davlatimiz tomonidan bildirilgan bu e’tirofdan qattiq hayajonga tushdim. Barchasi uchun yurtimizga, prezidentimizga minnatdorchilik bildiraman.
Bu ordenning men uchun ahamiyati juda katta. Ilk bora mundialda ishlash uchun Syurixdagi hakamlar yig‘inida ishtirok etganimda, FIFA nazariga tushish uchun astoydil ishlar edik. O‘shanda xorijlik ba’zi mutaxassislar ‘O‘zingni ko‘p urintirma, baribir O‘zbekistondan hakam olishmaydi. Futboli rivojlangan mamlakatlar turganda sizga yo‘l bo‘lsin’, — degan edi.
O‘sha ko‘ra olmagan insonlarga O‘zbekistonda qanday hakamlar borligini isbotlash uchun ham astoydil ishladik va maqsadimizga yetganimizdan xursandmiz.
Biroq bu yutuqlar tarixda qoldi. Endi biz oldinga qarashimiz kerak. Biz ishlashda davom etamiz va va’da beramizki, bu erishilgan natija bilan cheklanib qolmaymiz”, — deydi Ravshan Ermatov.
Izoh (0)