2014-yil 23-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkazorti va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Kord Mayer-Klodtni qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoya kiritish singari sohalar holati va rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, ikki davlatning turli darajadagi vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan aloqalar kun tartibida qo‘yiladigan masalalar muhokama qilindi.
Ikki tomonning aloqalarni ham xalqaro darajada, ham savdo-sotiq tuzilmalari, madaniy tashkilotlar, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati vakillari doirasida mustahkamlashdan manfaatdor ekanligi qayd etildi.
O‘zbekiston va Germaniyaning xalqaro maydondagi o‘zaro konstruktiv hamkorligiga ko‘plab masalalar, xususan, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, giyohvand moddalarning noqonuniy savdo-sotig‘i bo‘yicha bildirilayotgan fikrlarning yaqin va o‘xshashligi qulaylik yaratayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Kord Mayer-Klodtning mazkur tashrifi uning lavozimga tayinlangandan beri amalga oshirgan birinchi rasmiy tashrifi hisoblanadi.
Izoh (0)