Rossiya prezidenti Vladimir Putin qishki vaqtga qaytish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi va bu boradagi Prezident buyrug‘i qonun hujjatlari rasmiy bazasiga joylandi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.
9-iyul kuni Federatsiya kengashi deyarli bir ovoz bilan qonunni ma’qullagan edi.
“Vaqtni hisoblash” to‘g‘risidagi qonunda qayd etilganidek, Moskva vaqti Rossiya Federatsiyasi UTC (SU) + 3 milliy shkalasining uchinchi soat mintaqasi bilan mos tushadi. Hozirda esa UTC (SU) + 4 shkalasi amal qilmoqda.
Qonunga asosan, mamlakat kuzda bir soat ortga surilib, qishki vaqtga qaytadi va qayta yozgi vaqtga o‘tilmaydi. Yangi qoida 2014-yil 26-oktabrda kuchga kiradi.
Bu o‘zgarish natijasida Moskva vaqti bilan Toshkent vaqti orasidagi tafovut 2 soatga teng bo‘ladi.
Izoh (0)