Shanxay hokimiyati McDonald’s, Pizza Hut va KFC restoranlar tarmog‘iga muddati o‘tgan go‘shtli yarim tayyor mahsulotlarni yetkazib berishda gumon qilinayotgan kompaniya faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda Sinxua agentligiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
20-iyul kuni oziq-ovqat mahsulotlari va davolash vositalari sifatini nazorat qilish bo‘yicha Shanxay boshqarmasi Shanghai Husi Co Ltd. kompaniyasi ishlab chiqargan barcha go‘shtli mahsulotlarni sotuvdan chiqarish haqida qaror chiqardi.
Mahalliy televideniye olib borgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, fabrikada “yashil tusga kirgan va yomon hid tarqatayotgan go‘sht” qayta ishlanib, muzlatilgan va yangi iste’mol qilish muddati bilan qadoqlangan. Shundan so‘ng yarim tayyor mahsulotlar yemakxonalar tarmog‘iga yetkazib berilgan. South China Morning Post nashrining ma’lum qilishicha, kompaniya mijozlari bundan bexabar bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, 50,47 million dollarlik mablag‘ bilan ro‘yxatdan o‘tgan Shanghai Husi Food., Ltd Amerikaning US. OSI Group kompaniyalar guruhiga kiradi.
Izoh (0)