Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga minnatdorchilik maktubini yo‘lladi. Maktub 21-iyul kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligining rasmiy saytida e’lon qilindi.
Pak Kin Xe maktubda O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida bu yerda ko‘rsatilgan izzat-ikrom uchun minnatdorchilik izhor etib, bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar natijasida ikki davlatning o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida birgalikda ravnaq topishga intilayotgan strategik sheriklar ekaniga amin bo‘lganini ta’kidlagan.
Tashakkurnomada, shuningdek, oliy darajada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida nafaqat energetika sohasi, balki “elektron hukumat”, axborot texnologiyalari, to‘qimachilik va mudofaa sanoati, qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit, infratuzilma va boshqa ko‘plab sohalarda turli hamkorlik loyihalarini birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvga erishilgani qayd etilgan.
Maktubda Islom Karimovning xalqaro va mintaqaviy masalalar to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari, shuningdek, O‘zbekistondagi koreys diasporasiga qaratilayotgan e’tibor Koreya Respublikasi Prezidentini hayratga solgani va chuqur taassurot qoldirgani haqida fikr bildirilgan.
“Janobi Oliylari, men yana shuni alohida minnatdorlik bilan ta’kidlamoqchimanki, Toshkent shahri aeroportida meni shaxsan kutib oldingiz, Samarqand shahriga men bilan birga bordingiz. Bu bilan samimiy mehmondo‘stligingizni namoyon etdingiz. “Afrosiyob” muzeyidagi devoriy rasmlarda aks ettirilgan Koguryo davri elchilarining tasviri Buyuk Ipak yo‘lining qadimiy tajribasi bizning kunlarimizda yagona Yevroosiyoda yana mujassamlasha olishiga ishonchimni mustahkamladi”, — deyiladi tashakkurnomada.
Koreya Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga mustahkam sog‘liq, O‘zbekiston Respublikasiga esa yuksak ravnaq va taraqqiyot tilab, o‘z maktubini yakunlagan.
Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe 16—18-iyun kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lgandi.
Izoh (0)