Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro piyodalar o‘tish joyidagi muammolarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yordamida hal qildi, deya xabar bermoqda Anhor.Uz.
Ma’lum bo‘lishicha, bahor kunlarida Shimoliy (“Toshkent”) vokzal atrofida turmush o‘rtog‘i va aravachadagi bolasi bilan sayr qilib yurganida, shahar infratuzilmasining noqulayliklari bilan to‘qnashgan.
Ya’ni, piyodalar o‘tish joyining bir boshi ko‘prikchasi yo‘q ariqdan boshlansa, ikkinchi tomoni pandus (nishab yo‘lka)siz bordyur (jiyak) bilan tugagan. Bunday holatda aravacha bilan harakatlanish ma’lum bir qiyinchilikni keltirib chiqaradi, deb yozadi “Kun”.
Fuqaro iyun oyida murojaat matnini tayyorlab, unga ikkita fotosuratni ham ilova qilib, My.gov.uz orqali Toshkent shahar hokimligiga jo‘natgan. Ma’lum bo‘lishicha, uning murojaati hokimlikdan shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga, u yerdan esa shahar Obodonlashtirish boshqarmasiga jo‘natilgan.
Bu haqda fuqaro bir oy o‘tib bilgan. Murojaatdan bir hafta o‘tib, hokimlikdan fuqaroga telefon qilib, murojaat bo‘yicha ishlar qilingan-qilinmaganligi haqida qiziqib so‘rashgan. Bu vaqtgacha murojaat bo‘yicha hech qanday ish qilinmagan.
Oradan yana bir hafta o‘tib, fuqaroga endi Obodonlashtirish boshqarmasidan qo‘ng‘iroq qilishgan. Fuqaro shu kuni ishdan qaytayotib, ko‘rsatilgan muammoli joylarda talab bo‘yicha ishlar amalga oshirilganini ko‘rgan.
“Ariq ustidan ko‘prikcha qo‘yilib, bordyur ustidan pandus qo‘yilgandi. Bundan tashqari, yo‘ldan o‘tgan keyin ham yana bir qo‘shimcha pandus qurilgandi. U yerdagi bordyur u qadar baland bo‘lmasa-da, nima bo‘lganda ham yoqimli bonus”, — deb yozadi fuqaro.
Fuqaroning qayd etishicha, u o‘z murojaati bo‘yicha qilingan ishlardan qoniqish hosil qilgan: “Men eng yaxshi holatda jarayon bir necha oylarga cho‘zilishini, yomon holatda esa — quruq javob olishimni taxmin qilgandim. Shu sabab, fursatdan foydalanib shahar hokimligi va Obodonlashtirish boshqarmasiga minnatdorchilik bildiraman”.
Izoh (0)