2014-yil oxiri — 2015-yil boshida MDH davlatlari xalqaro aloqa xizmatlari, jumladan rouming xizmati ko‘rsatishda operatorlararo o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish tamoyillari haqida bitim imzolamoqchi. Bu haqda Qozog‘iston aloqa va axborot davlat agentligi rahbari Askar Jumagaliyev Ostonada bo‘lib o‘tgan Mintaqa hamdo‘stligining aloqa ma’muriyatlari rahbarlarining 49-kengashida aytgan nutqiga tayanib, Interfax xabar berdi.
Askar Jumagaliyevning aytishicha, ushbu bitimni amalga oshirish orqali MDH davlatlarida roumingdagi suhbatlar narxini pasaytirish mumkin. “Biz hamkasblar bilan ushbu bitimni shu yil oxiri yoki kelasi yil boshida imzolashga kelishdik”, — dedi u.
Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik elektr va pochta aloqasi hamda axborotlashtirish sohalarida muvofiqlashtiruvchilik vazifasini bajaruvchi xalqaro tashkilotdir. U Ozarboyjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston kabi MDHning 12 davlatini birlashtiradi.
Izoh (0)