Ukraina hukumati Rossiyaning Rostov viloyatini o‘qqa tutganini inkor etmoqda. Bir nafar rossiyalikning halokatida Kiyev Ukraina hududida faoliyat olib borayotgan rossiyaparast qurolli jangarilarni aybladi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Ukraina tashqi ishlar vazirligi hamda Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi vakillari yakshanba kuni mana shunday bayonot bilan chiqishdi.
“Terrorchilarning o‘zlari provokatsiyalar uyushtirib, jumladan Rossiya hududiga ham hujum qilib, so‘ngra bunda Ukraina kuchlarini ayblaganiga ko‘plab misollar keltirish mumkin”, — dedi Ukraina MXMK vakili Andrey Lisenko.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Rostov viloyatidagi otishmalar natijasida bir nafar Rossiya fuqarosi halok bo‘lib, yana ikki kishi jiddiy jarohatlangani, turar joy binosiga esa Ukraina hududidan otilgan fugas snaryadi kelib tushgani haqida xabar berilgan edi.
Rossiya tergov qo‘mitasi ushbu hodisa bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi, tashqi ishlar vazirligi esa Kiyevni javob choralari haqida ogohlantirdi.
Izoh (0)