10-iyul kuni Texas shtatining poytaxti — Ostin shahridagi nutqidan so‘ng, AQSh prezidenti Barak Obama mahalliy yemakxonaga tashrif buyurdi, deb xabar berdi New York Post nashri.
Prezident tushlik vaqtida Franklin Barbecue nomli yemakxonaga kirdi. U kafega xos bo‘lgan g‘azna (kassa) oldidagi uzun navbat yonidan o‘tib, navbat boshida turgan odamga uning buyurtmasiga pul to‘lashini aytdi. Amerikalik Bryus Finsted va uning 17 yashar qizi Feyt ko‘p narsa buyurganini eshitgan Obama “O‘zi necha kishi ovqatlanyapti”, – deb hazillashdi.
Davlat rahbari Finsted oilasi va o‘zining – jami 300 dollarlik buyurtmani plastik kartochka orqali to‘ladi.
Atrofdagilar bo‘layotgan hodisani telefonlariga rasmga olib, fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarga joyladi. Ayrimlar plastik kartochkaning raqamini ham suratga olishga ulgurdi va u qisqa muddat ichida internetda tarqaldi.
Obamaning bunday xatti-harakati ijtimoiy tarmoqlarda turli bahslarga sabab bo‘ldi. Franklin Barbecue’ning egasi Aaron Franklinning avval hech kimga navbatsiz kelishga ruxsat bermagani va bu safar istisno qilgani haqidagi xabariga javoban “Davlat byudjetini ham navbatni qisqartirganday kamaytirsa edi”, “Yo‘q, Obama, sen ham barcha singari uch soat navbatda tur!” kabi izohlar qoldirildi.
Izoh (0)