Yaponiyada “Noguri” to‘foni yaqinlashib kelayotgani sababli janubiy Okinava prefekturasidagi 590 ming kishini evakuatsiya qilish haqida e’lon qilindi, deb xabar berdi Kiodo agentligiga tayanib “RIA Novosti”.
Prefekturaning markaziy shahri — Naxada shamolning sekundiga 50,2 metrgacha kuchaygani qayd etildi. Meteorologlar taxminiga ko‘ra, chorshanba kuni Okinavada shamol tezligi sekundiga 45 metrga, kuchayganida esa 65 metrga yetishi mumkin (25—30 metr/sekund shamol odamni yiqitish uchun yetarli).
To‘fon natijasida chorshanba kuni ertalab Okinava prefekturasi va Kyusyu orolida sutkasiga 200 millimetr yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
Ayni damda “Noguri” to‘foni Tinch okeani ustida bo‘lib, uning tezligi soatiga 30 kilometrni tashkil etadi. Yaponiyaning Bosh meteorologiya boshqarmasi ma’lum qilishicha, to‘fon chorshanba kuni mamlakatning janubiy, juma kuni esa markaziy hududlari, xususan, Tokiogacha kelishi mumkin.
Dushanba kuni Yaponiyaning Bosh meteorologiya boshqarmasi mamlakat hududida bir necha o‘n yillikda bir marta sodir bo‘ladigan tabiiy ofat yaqinlashayotgani uchun favqulodda holat e’lon qildi.
Izoh (0)