O‘zbekiston pillakorlari 26 ming tonna pilla tayyorlab, yillik shartnoma majburiyatini muvaffaqiyat bilan bajardi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, bu yilgi mavsumda pillakorlar “Ipakchi-1”, “Ipakchi-2”, “O‘zbekiston-5”, “O‘zbekiston-6” kabi serhosil, iqlim sharoitiga mos, kasalliklarga chidamli mahalliy navlardan iborat 445 ming qutidan ziyod ipak qurti urug‘ini parvarishlab, har qutidan o‘rtacha 58 kilogrammdan hosil olgan. Uning 90 foizdan ortig‘i yuqori navlarga sotilgan. Yetishtirilgan hosil o‘tgan yilgiga nisbatan bir ming tonna ko‘pligini alohida ta’kidlash darkor.
Surxondaryo, Farg‘ona, Buxoro, Namangan, Qashqadaryo, Navoiy, Andijon viloyatlarining pillakorlari birinchilar qatorida shartnoma rejasini oshirib bajarib, mamlakat xirmoniga salmoqli hissa qo‘shdi. Beshariq, Sho‘rchi, Vobkent, Kasbi, Kattaqo‘rg‘on, Urgut, Qiziltepa, Amudaryo tumanlarida har quti ipak qurtidan 60—68 kilogrammdan hosil olinganini alohida ta’kidlamoq joiz.
Beruniy tumanidagi “Tursunoy ipagi” fermer xo‘jaligi har quti urug‘dan 74 kilogramm, Mirishkor tumanidagi “Alimov O‘ktam Nazarovich” fermer xo‘jaligi 72 kilogramm, Baliqchi tumanidagi “Xolmirza Boltaboyev ishonchi” fermer xo‘jaligi 71 kilogramm, Olot tumanidagi “Sarvar Xudoyqulova” fermer xo‘jaligi 68,5 kilogramm, Paxtakor tumanidagi “No‘mon ota” fermer xo‘jaligi 67 kilogrammgacha “kumush tola” olishga muvaffaq bo‘ldi.
Erishilgan muvaffaqiyatda tutzorlar ko‘paytirilib, ozuqa bazasining mustahkamlangani, mavsumga malakali mutaxassislar jalb etilib, pillakorlar uchun zarur shart-sharoit yaratilgani muhim omil bo‘ldi. Pillakorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida ixtisoslashgan zamonaviy pillaxonalar barpo etildi. Mazkur pillaxonalarda 22 ming 700 quti ipak qurti boqildi. Hosildorlikni oshirish va yetishtiriladigan pilla sifatini yanada yaxshilash maqsadida pillaxonalarning atrofida 1100 gektar intensiv tutzorlar barpo etildi.
Izoh (0)