“Yurt kelajagi” respublika iqtidorli yoshlar tanlovining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari hamkorligida o‘tkazilayotgan bu yilgi tanlovning dastlabki bosqichlarida respublika bo‘yicha qariyb 55 ming nafar yigit-qiz o‘z iqtidorini sinab ko‘rdi.
15 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar “Arxitektura va dizayn, liboslar dizayni”, “Axborot texnologiyalari, ratsionalizatorlik takliflar va texnik ishlanmalar”, “An’anaviy va amaliy san’at”, “Iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar”, “Adabiyot va jurnalistika” yo‘nalishlarida o‘z bilim va salohiyatini namoyish etdi. Toshkent viloyatida mazkur ijodiy tanlovda to‘rt ming nafar yosh qatnashdi va ularning 48 nafari g‘olib chiqib, respublika bosqichida qatnashish imkonini qo‘lga kiritdi.
– Ushbu tanlovga do‘stim bilan namunali uylar va zamonaviy madaniyat istirohat bog‘lariga oid ijodiy loyihani taqdim etdik, – deydi Oqqo‘rg‘on tumanidagi qurilish va kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Farrux Tursunboyev. – Ushbu inshootlarni barpo etishda mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan foydalaniladi.
Tanlov g‘olib va sovrindorlariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Izoh (0)