“Barak Obamaning salomatligi a’lo darajada, hech qanday kasallik unga xavf tug‘dirmayapti va u o‘zining AQSh prezidentligini ado etish davri mobaynida ajoyib jismoniy holatda bo‘ladi”. Bu ma’lumot 12-iyun kuni Oq uy matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan tibbiy xulosada keltirib o‘tilgan, deya xabar berdi “ITAR-TASS”. AQSh prezidentining tibbiy ko‘rigi uning bosh shifokori Ronni Jekson boshchiligida may oyida o‘tkazilgan edi.
Oq uy xabar berganidek, tibbiy ko‘rik nafaqat Obama sog‘ligini tekshirish, balki jamoatchilikni uning salomatligi haqida xabardor qilish maqsadida o‘tkazilgan. Amerika yetakchisining avvalgi “dispanserizatsiyasi” 2011-yil oktabrida bo‘lib o‘tgan edi.
So‘nggi tibbiy ko‘rik natijasida Obamaning ko‘rish, eshitish, ta’m bilish, nafas olish tizimlari 100 foiz me’yoriy holatda ishlayotgani qayd etildi. Uning yurak qon-tomir va asab tizimlarida hech qanday izdan chiqish aniqlanmadi. Shifokorlar xulosasida Obama o‘ng panjasidagi og‘riqni to‘xtatish uchun ba’zan og‘riq qoldiruvchi vosita — ibuprofendan foydalanishi aytib o‘tilgan. Shuningdek, uning bo‘ynida uncha katta bo‘lmagan xavfsiz o‘smalar aniqlangan. Biroq shifokorlarning ta’kidlashiga qaraganda, prezidentda teri saratoni va boshqa o‘tkir yoki surunkali teri xastaliklari alomatlari yo‘q.
Jekson eslatib o‘tganidek, ilgari Obama hech qanday jiddiy kasallik bilan og‘rimagan va jarrohlik amaliyotini boshdan kechirmagan. “Prezident muntazam jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanadi, chekmaydi, spirtli ichimliklarni ham ba’zi-ba’zida, kam miqdorda iste’mol qiladi”, — deb yoziladi Prezident bosh shifokori hisobotida.
Ilgari Obama chekar edi va bu salbiy odatni yana takrorlamaslik, tamakiga tobe’likdan saqlanish uchun u ba’zan saqichdan foydalanadi. Shu bilan birga u muntazam ravishda D darmondorisini iste’mol qiladi.Mutaxassislarning umumiy fikriga ko‘ra, “Obamaning salomatligi juda a’lo darajada”.
“Tibbiy natijalar shuni ko‘rsatadiki, prezident hozir sog‘lom va o‘z prezidentlik muddatini ado etguncha shunday bo‘ladi” — deya ta’kidlanadi tibbiy xulosada.
Barak Obamaning AQSh prezidentligi postidagi ikkinchi muddati 2017-yil yanvarida tugaydi. AQShning yangi Prezidenti saylovi 2016-yil noyabrda bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)