Super og‘ir vazn toifasi bo‘yicha sobiq jahon chempioni o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev menejeri Timur Dugazayevning xabar berishicha, 7-iyun kuni Chechenistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan jang 6-iyul kuniga qoldirilgan, deb yozadi Allboxing sayti.
Ruslanning navbatdagi raqibi amerikalik Fres Okendo bo‘lib, bokschilar vakant qolgan WBA yo‘nalishi oltin kamari uchun jang qilishlari kerak edi.
“Bellashuv kunining ko‘chirilishi, ma’lum sabablarga ko‘ra hal qilindi. Bokschilar yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishlari uchun ko‘proq vaqt talab etiladi va ular mo‘tadil iqlim sharoitida bo‘lishi kerak. 6-iyul bizga har jihatdan mos keldi. Sababi, shu kuni jangni translyatsiya qiladigan telekanal ham bo‘sh bo‘ladi. Bundan tashqari, futbol bo‘yicha jahon chempionati doirasida o‘tkaziladigan o‘yinlar ham 6-iyul kuni bo‘lmaydi. Shunda har ikkala sport turi ixlosmandlarining qiziqishlari inobatga olinadi. Ishonchimiz komil, ushbu shou faqatgina tayyorgarlik uchun qo‘shimcha vaqt yutadi”, – deydi Dugazayev.
Eslatib o‘tamiz, jang Grozniy shahridagi 30 ming tomoshabinga mo‘ljallangan Axmat-Arenada bo‘lib o‘tadi. Boks kechasiga mashhur yulduzlardan: Lennoks Lyuis, Evander Xolifild va Devid Xeyning tashriflari kutilmoqda. Ring anonseri (boshlovchi) sifatida esa Maykl Baffer tashrif buyuradi.
Izoh (0)