O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish (SVOJJDLQK) departamentining Qarshi shahar bo‘limiga fuqaro D. Egamova ariza bilan murojaat qilgan. Uning arizasi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvda Qarshi shahar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limiga qarashli umumta’lim maktabida direktor lavozimida ishlayotgan Qurbonoy Safarova tamagirlik qilayotgani aniqlangan, deb xabar bermoqda “Huquq” gazetasi.
Q. Safarova maktabning musiqa fani o‘qituvchisi D. Egamovadan 2012-yil avgust oyida 20 soat dars qo‘shib berish evaziga 300 ming so‘m pul so‘rab, avval 200 ming so‘mini oladi. Sentabr oyida esa D. Egamova Qarshi madaniyat kollejiga ishga o‘tganida, uning mehnat daftarchasini kollejga o‘tkazish evaziga 50 ming so‘m pul talab qilib, noyabr oyida 35 ming so‘mlik yog‘ va maktabda o‘tkaziladigan shanbalik ishlariga qatnashmaganligi uchun 100 ming so‘m pul so‘raydi. 2013-yil aprel oyida esa 30 ming so‘m miqdorida pul hamda 40 ming so‘mlik chinni idish to‘plamini pora tariqasida oladi.
Q. Safarovadan 30 ming so‘m pul hamda 40 ming so‘mlik chinni idish to‘plami ashyoviy dalil sifatida olindi. Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudning tegishli qarori bilan tamagir direktor jazoga tortildi.
Izoh (0)