Toshkentda taekvondo (WTF) bo‘yicha XXI va taekvondo “Pumse” bo‘yicha III Osiyo chempionatlari yakunlandi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.
Taekvondo “Pumse” bo‘yicha o‘tkazilgan III Osiyo chempionatida munosib ishtirok etgan o‘zbekitonlik faxriylar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasidagi bahslarda ikkita oltin va yettita bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.
Taekvondo (WTF) bo‘yicha XXI Osiyo chempionati bahslarida sportchilar sovrinli o‘rinlar bilan birga 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi reyting ochkolari uchun bahslashdi.
Taekvondo (WTF) bo‘yicha XXI Osiyo chempionatida ishtirok etgan Jasur Boyqo‘ziyev va Dmitriy Shokin o‘z vazn toifasida barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Hamyurtlarimizdan Nikita Rafalovich va Maksim Rafalovich bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda qatnashgan iqtidorli sportchimiz Umida Abdullayeva 73 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondochilar bahsida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yana bir tajribali sportchi Natalya Mamatova o‘z vazn toifasida bronza medal bilan taqdirlandi.
– Har bir sportchi o‘z Vatanida o‘tadigan nufuzli musobaqada shohsupaga ko‘tarilishni orzu qiladi, – deydi taekvondo (WTF) bo‘yicha Osiyo chempioni Umida Abdullayeva.
Taekvondo (WTF) bo‘yicha XXI Osiyo chempionatida uchtadan oltin va bronza medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumjamoa hisobida kuchli uchlikdan joy oldi.
“O‘zbekiston” sport majmuasida 28-may kuni taekvondo bo‘yicha XXI va taekvondo “Pumse” bo‘yicha III Osiyo chempionatlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)