Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda viloyat bo‘yicha asosiy vazifalarni belgilab berdi.
Jizzaxda tomorqalarni ishga solish bo‘yicha 309 ta mahallaga lider tadbirkor – eksportchilar biriktirilishi belgilandi.
Lider tadbirkor – eksportchi uchun har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib tomorqada 50 million so‘m daromad qiladigan moliyaviy xizmat paketi ishlab chiqiladi.
Bu borada banklar lider tadbirkorlarga aylanma uchun 3 yil muddatga 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratadi, byudjet hisobidan agronom jalb qilish, o‘qitish, mahallada yig‘ish, saqlash va quritish punktlarini tashkil qilish uchun 1 milliard so‘mgacha grantlar beradi, xonadonlarga Oilaviy tadbirkorlik dasturidan 33 million so‘mdan, “Biznesga birinchi qadam” dasturidan 17 million so‘mdan kredit ajratadi.
Kam hosil berayotgan yerlar 50-100 gektardan yirik lot shaklida, qolgani 1-5 gektardan lotlarga bo‘linib, meva-sabzavot ekadiganlarga taklif qilinadi.
Yirik maydonda mahsulot ekadiganlar qolgan kichik maydon egalarini ham shu yo‘nalishga tortadi.
Shular hisobiga viloyatda meva-sabzavot yetishtirish hajmi ikki yilda 3 million tonnaga, keyinchalik 5 million tonnaga olib chiqilishi reja qilingan. Bu mos ravishda qayta ishlash va eksportni ham 2-3 barobar oshirishga zamin bo‘ladi.
Izoh (0)