Ukrainada urush boshlanganidan keyin Rossiya maktablarida tiklangan harbiy tayyorgarlik bo‘yicha majburiy o‘quv darslarini 5-sinfdan o‘tish taklif etildi. Bu tashabbusni Davlat dumasining MDH ishlari, Yevrosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan aloqalar qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Viktor Vodolatskiy ilgari surdi.

Uning fikricha, shunda bolalar o‘z yaqinlarining xavfsizligini qanday ta’minlashni biladi.
Kursk viloyatidagi voqealardan keyin maktablarda boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikni qayta tiklashimiz kerak, chunki bolalar o‘zini, oilasini himoya qilishi kerak. Shuning uchun biz har bir maktabda boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikni 9-10-sinfdan emas, 5-sinfdan boshlashimiz kerak. Shunda bizda aholi har qanday harakatlarga, har qanday provokatsiyalarga tayyor bo‘ladi, dedi u.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga bostirib kirish boshlanishidan va Rossiya armiyasi Kursk viloyatining bir qismini yo‘qotishidan oldin rossiyaliklar birinchi tibbiy yordamni qanday ko‘rsatishni masalan, bog‘lash yoki jgut qo‘yishni bilmagan.
Shuningdek, fuqarolar dronlardan qanday yashirinishdan xabardor bo‘lmagan, deya ta’kidladi Vodolatskiy.
U Belgorod viloyatidagi otishmalar oqibatida ko‘plab “qon ketayotgan” yaradorlarga “Voin” markazi kursantlari yordam berganini aytdi. Markaz prezident Vladimir Putin buyrug‘i bilan tashkil etilgan, “yangi avlod vatanparvarlari”ni tayyorlaydigan harbiy-targ‘ibot klubi hisoblanadi.

Rossiyada boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik darslari sovet davridagi amaliyotga qaytdi
Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, Rossiyada boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik darslari sovet davridagi amaliyotga qaytdi. 2022-yil noyabrda Rossiya ta’lim vaziri Sergey Kravtsov mamlakatdagi maktablarga bunday darslarni joriy etish haqida e’lon qildi. 2023-2024-o‘quv yilida harbiy tayyorgarlik 10 va 11-sinflarda “Xavfsizlik va vatanni himoya qilish asoslari” faniga kiritildi. Shuningdek, harbiy tayyorgarlik o‘rta ta’lim muassasalarida ham o‘qitilmoqda.
O‘quvchilarga saf tayyorgarligi asoslari, jang paytida birinchi yordam ko‘rsatish qoidalari o‘rgatiladi, guruhlarda hamjihatlik bilan harakat qilish, havo hujumi vaqtida yashirinish va boshqa himoya usullari haqida ma’lumot beriladi. Bundan tashqari, o‘quvchilar qo‘l granatalari bilan muomala qilishni ham o‘rganmoqda.
Izoh (0)