Bosh prokuraturada prezident maslahatchisi D.Qodirov boshchiligida 18-mart kuni idoralararo yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda prezidentning “Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Respublikadagi kriminogen vaziyatni kundalik tahlil qilish faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari mazmun va mohiyati to‘liq yoritildi.
Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar aniq raqamlar hamda misollarda ko‘rsatib o‘tilib, galdagi vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, jinoyatlar og‘irlik darajasi va toifasiga asosan “respublika—viloyat—tuman” darajasi tamoyili asosida so‘rov, muvofiqlashtirish va qatʼiy nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilishi taʼkidlanib, masʼullarga bu borada aniq topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, Milliy gvardiyaning voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar lavozimlari va 2 mingta shtat birligini Ichki ishlar vazirligi tuzilmasiga o‘tkazilganligi maʼlum qilindi.
Shu bilan birga, ichki ishlar organlari tomonidan voyaga yetmaganlar bilan “Oila — mahalla — maktab” tamoyili asosida manzilli ishlash yo‘nalishida aniq vazifalar belgilab berildi.
Izoh (0)