O‘zbekistonda 2023-yilda korrupsiya jinoyati uchun sudlangan 566 nafar shaxs davlat xizmatiga qayta ishga kirgan va korrupsiya jinoyatlarini takror sodir etgan. Bu haqda 10-sentyabr kuni Qonunchilik palatasi yig‘ilishida deputat Umida Rahmonova aytib o‘tdi.
Deputat Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burxanovga korrupsionerlar reyestri qachon ishga tushirilishi bo‘yicha savol berdi.
Antikorrupsiya agentligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, agentlik ushbu hujjat va reyestrni yaratish ustida ish olib bormoqda. Taʼkidlanishicha, qonun loyihasi 2022-yil boshida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2023-yilda boshqa vazirlik va idoralar tomonidan maʼqullangan.
“Joriy yil boshida biz loyihani Prezident administratsiyasiga kiritgandik, lekin administratsiya tomonidan bir qator eʼtirozlar bo‘ldi, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha vazifa yuklatildi. Biz bu vazifalardan kelib chiqib, qonun loyihasini yanada takomillashtirdik.
Shu kunlarda biz yana bir marta oxirgi versiyasini Prezident administratsiyasi orqali Qonunchilik palatasiga kiritishni rejalashtirdik. O‘ylaymanki, shu oy oxiriga qadar bu qonunni sizlarning eʼtiboringizga ko‘rib chiqish uchun kiritamiz”, dedi u.
Izoh (1)
ha deb bitta chuqurga tushaveramizmi axir aytishganku oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas deb