Pokiston fuqarosi 14 yoshli qizini TikTok ijtimoiy tarmog‘iga o‘z videolarini joylagani uchun otib o‘ldirdi. Bu haqda politsiyaga tayanib, Express Tribune xabar berdi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, dastlab ish ochiqlanmagan jinoyat sifatida ko‘rib chiqilgan, chunki qizning otasi noma’lum shaxslarni gumonlanuvchi sifatida ko‘rsatib, politsiyaga ariza bergan. Biroq, tergov o‘tkazilgach va jinoyat joyidan dalillar to‘plangach, politsiya oila a’zolaridan shubhalana boshlagan.
“Kvettada 14 yoshli pokistonlik-amerikalik qizning o‘ldirilishi uning otasi va amakilarining qamoqqa olinishiga olib keldi. Ular qizning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi sababli qotillikni rejalashtirganliklarini tan olishdi”, deyiladi xabarda.
Ta‘kidlanishicha, qiz o‘z uyi yaqinida otib o‘ldirilgan va shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan. Politsiya qizning otasiga uning qarindoshi yordam berganini aytmoqda.
Tergov davomida politsiya oilaning Pokistonga kelishidan oldin AQSHda deyarli 28 yil yashaganini aniqladi. Qizning otasi uning TikTok va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi faolligidan norozi bo‘lgan, ammo qiz internetdagi faoliyatini to‘xtatishni rad etgan.
Izoh (0)