Navoiy viloyatining G‘ozg‘on hamda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida haydovchilik guvohnomasini olib berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, G‘ozg‘on shahrida fuqaro T.Sh. fuqaro F.G‘.ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan. Buning evaziga 1 200 dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahrida fuqaro M.J. fuqaro B.Sh.ning ishonchiga kirib, unga haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 600 dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
“Prava” olib bermoqchi bo‘lgan “uddaburon”lar
Sentyabr oyida Sirdaryo viloyatining Shirin, Navoiy va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shaharlarida o‘quv kurslariga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlangandi.
Oktyabrda Toshkent viloyatining Piskent hamda Ohangaron tumanlarida haydovchilik guvohnomalarini olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlangan.
Noyabr oyida Samarqand va Andijon viloyatlarida soxta haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirib berish va sertifikat olib berish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etilgandi.
Izoh (0)