Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.P. fuqarolar I.I. va O.A.ning ishonchiga kirib, ularga go‘yoki Toshkent shahridagi tanishlari yordamida o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan, imtihonlardan ijobiy o‘tkazib berib, “V” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 1 400 dollar va 2,5 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departamentning Guliston shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “S.A.”avtomaktabi xodimi I.N. fuqaro M.A.ga tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga o‘z xizmat xonasida 3 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida Navoiy shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro B.D. fuqaro M.J.ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki viloyat IIBda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 1 600 dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)