Toshkent shahri, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida haydovchilik guvohnomasi noqonuniy yo‘llar bilan olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Yashnobod tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda J.N. ismli shaxs fuqaro M.I.ga 1,5 ming dollar evaziga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida hech qanday imtihonlarsiz haydovchilik guvohnomasini olib berishini aytib, oldindan 750 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departamentning Dehqonobod tuman bo‘limi va viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sh.O. ismli shaxs fuqaro S.U. va uning tanishi J.T. lar haydovchilik guvohnomasi olish uchun o‘qimagan bo‘lsada, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida ishlovchi o‘zining tanishlari yordamida 6 oy o‘qigani haqida tegishli hujjat rasmiylashtirib berishi evaziga 7,2 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Departamentning Shahrixon tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa “A.I.T.” MCHJ avtomaktabi o‘rgatuvchi ustasi B.J. fuqaro I.I.ga “B.” toifali haydovchilik guvohnomasini olib berishini vaʼda qilib, evaziga 650 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan oldin Toshkent viloyatida soxta sertifikat evaziga haydovchilik guvohnomasi olgan fuqaroga sud hukmi o‘qilgandi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2,5 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. May o‘rtalarida Farg‘onada 200 dollarga “prava” olib berishni va’da qilgan avtomaktab rahbari ushlangandi.
Izoh (0)