Senatning 30-apreldagi yalpi majlisida yer va suv resurslarini muhofaza qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qonun ma’qullandi.

Majlisda qayd etilishicha, hozirgi vaqtda bo‘sh turgan yerlarni hisobga olish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish mexanizmlarini takomillashtirish, huquq egalarining yer uchastkalarini olganlik uchun haq to‘lashni amalga oshirish yuzasidan masʼuliyatini kuchaytirish zarurati tug‘ilmoqda.
Shuningdek, yer osti suvlarini yerlarni sug‘orish va boshqa maqsadlar uchun olish keskin o‘sgani, shuningdek quduqlarni ruxsatsiz burg‘ilash va suvlardan nazoratsiz, hisobga olmasdan foydalanish hollari davom etayotganligi sababli yerosti suv resurslarini muhofaza qilish choralarini kuchaytirish zarur.
Qonun bilan Yer kodeksiga davlat mulkidagi bo‘sh turgan yerlarning hisobga olinishini tashkil etishni, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan obyektlarni joylashtirishni, yer uchastkalarini olganlik uchun haq belgilangan muddatlarda to‘lanmaganda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning turlariga aniqlik kiritilmoqda, sug‘oriladigan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga o‘tkazish bo‘yicha aniq talablar belgilanmoqda, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishining nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash zarur bo‘lgan hollar kengaytirilmoqda.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga yerosti suvlariga quduqni burg‘ilash uchun ruxsatnoma berish o‘rniga yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma berish tartibini joriy etish belgilanmoqda. Jumladan, Soliq kodeksida yerosti suvlaridan foydalanuvchilar tomonidan suvni hisobga olish vositalarisiz suv olinganida soliq to‘lovini belgilangan soliq stavkasining besh baravari miqdorida undirish nazarda tutilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi qonunga maʼmuriy-hududiy birliklarning davlat reyestrida obyektni maʼmuriy-hududiy belgilashning tizimli kodi to‘g‘risidagi axborot aks ettirilishiga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlarning taʼkidlashicha, qonunning qabul qilinishi yerlarni muhofaza qilish va yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga, Maʼmuriy-hududiy birliklar davlat reyestrining axborot tizimini takomillashtirishga, shuningdek yerosti suvlaridan qonunga xilof ravishda foydalanishning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda yerosti suvlaridan foydalanish
O‘zbekistonda 2024-yil 1-yanvardan suv hisoblagichsiz yer osti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlangan. Respublikaning 7 ta viloyati 21 ta tumanida yerosti suvlari sathining 5 metr va undan ortiq pasayib ketayotgan holatlari qayd etilib, mazkur hududlarda suvga quduq burg‘ilash va ulardan foydalanish bo‘yicha moratoriy joriy etildi.
Yerosti suvlari sathning o‘rtacha ko‘p yillik sathga nisbatan 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda yerosti suvlaridan faqat ichimlik maqsadlarida foydalanish mumkin. Bunda yerlarni sug‘orish va ishlab chiqarish maqsadlariga gidrogeologik xulosa berish, yerosti suvlariga quduqlarni burg‘ilash hamda mavjud quduqlardan yerlarni suv tejovchi texnologiyalarsiz sug‘orish taqiqlanadi.
Mas’ullar ham bu o‘zgarishga izoh berib, aholi foydalanadigan “kachalka” yoki boshqa usulda xonadon isteʼmoli uchun yer ostidan suv olinsa, bunga hech qanday to‘lov olinmasligi, faqat katta maydonlarni sug‘orish uchun amal qilishini va suv solig‘i sifatida olinishini bildirgandi.
Izoh (0)