So‘nggi tadqiqotlar natijasida Braziliya muzeyi kolleksiyasidan fanga ma’lum bo‘lgan eng qadimgi chumoli namunasi aniqlandi.

Bu ibtidoiy chumoli 113 million yil oldin dinozavrlar davrida yashagan. San Paulu universiteti zoologiya muzeyi xodimi Anderson Lepeko 2024-yil sentyabr oyida universitet zoologiya muzeyida saqlanayotgan qazilma kolleksiyani o‘rganayotganda “g‘ayrioddiy” namunaga duch kelgan.
Braziliya muzeyi toshga aylangan hasharotlarning dunyodagi eng yirik kolleksiyalaridan biriga ega bo‘lib, ular Braziliya shimoli-sharqidagi Kratodan jamlangan.
Ohaktoshda saqlanib qolgan va allaqachon qirilib ketgan bu hasharot “do‘zax chumolisi” deb ataladi. 66-45 million yillar oldin yashab o‘tgan bu tur “bo‘r davri” vakili va bugungi kunda tirik chumolilar bilan bog‘liq bo‘lmagan Haidomyrmecinae kichik oilasi a’zosi hisoblanadi.
Toshda saqlanib qolgan hasharotlarni topish kamdan kam uchraydigan hodisa. Bo‘r davridagi boshqa do‘zax chumolilari Fransiya va Myanmarda qahraboda qotgan holda topilgan, ammo ularning yoshi taxminan 99 million yilga teng. Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, bu chumolilar o‘z evolyutsiyasining dastlabki bosqichidayoq butun sayyora bo‘ylab keng tarqalganini anglatadi.
Kashfiyot dastlabki bo‘r davrida, ya’ni muhim o‘zgarishlar davrida chumolilar qanday rivojlanganini yoritib beradi. Shuningdek, u dinozavrlar davrida yashagan chumolilarning g‘ayrioddiy xususiyatlari haqida ham ba’zi ma’lumotlar taqdim etadi, deydi tadqiqotchilar.
Bugungi kunda chumolilar sayyoradagi eng ko‘zga ko‘ringan va keng tarqalgan hasharotlardan biri bo‘lib, Antarktidadan tashqari barcha qit’alarda uchraydi. Biroq sayyorada chumolilar har doim ham ustunlik qilmagan. Ular so‘nggi yura va dastlabki bo‘r davrida, taxminan, 145 million yil oldin, ari va asalarilar ajralib chiqqan guruhdan tarqalgan.
Yangi aniqlangan tur, shuningdek, ba’zi ariga o‘xshash xususiyatlarga ega. Masalan, bu chumolining qanotlarida hozirgi chumolilarnikiga qaraganda ancha ko‘p tomirlar bo‘lgan.
O‘tkazilgan mikrokompyuter tomografiyasi natijasida chumolilar Birma qahrabo qoldiqlarida topilgan do‘zax chumolilari bilan chambarchas bog‘liqligi aniqlangan.

Chumolining hayratlanarli tomoni uning g‘ayrioddiy anatomik xususiyatidadir. Zamonaviy chumolilarning jag‘lari yon tomonda joylashgan bo‘lsa, bu chumolining jag‘lari boshiga parallel ravishda joylashgan. Ushbu xususiyat bu turga ov jarayonida katta ustunlik berib, “do‘zax chumolisi” nomini olishiga sabab bo‘lgan.
Izoh (0)