O‘zbekistonda yilda uch marta o‘tkaziladigan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi uchun tanlovlarning birinchi qismi kechikmoqda. Kecha, 3-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida deputat Doniyor G‘aniyev masʼullardan bu kechikishning sababini so‘radi.
Yig‘ilishda Doniyor G‘aniyev tanlov eʼlon qilinmayotganidan yuzlab yoshlar xavotirda ekanini aytib, byudjet taqchilligini qisqartirishda jamg‘arma mablag‘larini kamaytirish ko‘zda tutilmayaptimi, degan mazmunda savol berdi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov savolga javob qaytarar ekan, stipendiyalar uchun ajratilayotgan mablag‘lar qisqartirilmasligini aytdi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasiga 2023-yilda davlat byudjetidan 200 milliard so‘m ajratilgan va xorijda taʼlim olishlari uchun 965 nafar talabalar xarajatlari qoplangan. 2024-yilda esa jamg‘armaga 550 milliard so‘m ajratish rejalashtirilgan. Yaʼni bu o‘tgan yildagidan 2,5 baravar ko‘p. Joriy yilda shunga muvofiq ravishda qabul kvotalari ham oshadi. Xavotirga o‘rin yo‘q. Ushbu mablag‘larni maqbullashtirish bo‘yicha bizda chora ko‘rilayotgani yo‘q. Jamg‘armaga masʼul bo‘lgan Prezident huzuridagi boshqaruv akademiyasi tayyorlagan loyiha bor. Qabul kvotalari oshgani sabab kechikishlar yuzaga kelmoqda”,—dedi vazir o‘rinbosari.
Kun yakunida “El-yurt umidi” jamg‘armasi ham Telegram kanalida tanlovlar kechikayotgani yuzasidan rasmiy izoh berdi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan yaqin kunlar ichida 2024-yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovlarini eʼlon qilish rejalashtirilmoqda. Jamg‘arma faoliyati transformatsiya bo‘layotgani sababli tanlov eʼlon qilishda biroz kechikishlar bo‘lmoqda. 2024-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi uchun 500 o‘rin ajratilgan bo‘lib, kvota va stipendiatlar uchun ajratilgan mablag‘lar qisqartirilmagan”, — deyiladi izohda.
Maʼlumot uchun, “El-yurt umidi” jamg‘armasi prezident farmoni bilan 2018-yil 25-sentyabrda tashkil etilgan. U nufuzli xorijiy universitetlarga qabul qilingan talabalarga o‘qish pullarini to‘lashda ko‘maklashib keladi.
Tanlovdan o‘tgan stipendiatlarga jamg‘arma stipendiyalari quyidagi xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi:
- xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda o‘qish qiymatining to‘lovi;
- viza olish xarajatlari;
- barcha turdagi transport vositalari bilan o‘qish joyiga qadar yo‘lkira xarajatlari (yilda bir martadan ortiq bo‘lmagan);
- borgan mamlakatdagi o‘qish davrida yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari;
- zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar xarid qilish;
- xorijda o‘qish davrida stipendiatlarni tibbiy sug‘urtalash xarajatlari.
Jamg‘armaning moliyaviy ko‘magi bilan magistratura yoki doktorantura dasturlari bo‘yicha taʼlim olgan stipendiatlar tuzilgan shartnomada belgilab qo‘yilgan muddat davomida davlat tashkilotlaridan birida ishlab berish majburiyatini zimmasiga oladi.
Izoh (0)