Farg‘ona viloyatida qasddan tanishini qayta-qayta bosib ketib, o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga sud hukmi o‘qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, avval ham 2 marotaba sudlangan qo‘qonlik fuqaro o‘zganing nomida bo‘lgan Onix’da mahalladoshining do‘koni yoniga kelib, signal chalgan. Do‘kon egasi biroz kechroq chiqqani sababli tortishuv sodir bo‘lgan.
Mahalladoshi do‘koniga kirib ketganidan so‘ng ortidan kelib bo‘g‘gan. Janjaldan keyin ayblanuvchi do‘kondan ikki dona suvni olib, mashinada ketib yuborgan. Bu borada do‘kon egasi akalarini chaqirgan. Erkak oradan yarim soatcha o‘tib qaytgan.
Shuningdek, jinoiy harakatlarini davom ettirib, svetoforning qizil chirog‘ida harakatni to‘xtatib, mashina ortida turgan do‘konchining akasiga qasddan tan jarohati yetkazish maqsadida katta tezlikda harakatlangan. Fuqaroni mashinasida bosib ketgan, mashina ostida jabrlanuvchi yotganini bilsa ham yana mashinani old tomonga harakatlantirib, g‘ildiraklar bilan fuqaroni ezib tashlagan.
Jabrlanuvchi oradan o‘n kun o‘tib shifoxonada vafot etgan. Sudlanuvchi sud hukmi bilan 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
YTHlar statistikasi
O‘zbekistonda 2025-yilning dastlabki uch oyida YTH sodir etishi oqibatida 891 nafar shaxs sudlandi.
2024-yil davomida Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan 3 321 nafar shaxs sudlangan. Ularning 917 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 2 404 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
2025-yilning I-choragi mobaynida ushbu modda bilan 891 nafar shaxs sudlanib, ularning 173 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, 718 nafar fuqaroga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Farg‘onada bundan avval Nexia haydovchisi bosib ketgan velosipeddagi 12 yoshli bola vafot etgan edi.
Izoh (0)