Sun’iy intellekt kabi taraqqiyotning eng ilg‘or yutuqlaridan umumbashariyat manfaatlari yo‘lida oqilona va samarali foydalanish zarur. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Tashkent Law Spring IV xalqaro yuridik forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida qayd etib o‘tdi.

Ushbu forum Toshkentda 29–30-may kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi tadbirning asosiy mavzusi — “Raqamli texnologiyalar davri: kelajakka huquqiy nazar” bo‘lib, jahon yuridik hamjamiyatini raqamlashtirish jarayonidagi yangi tahdidlar va imkoniyatlarni muhokama qilishga qaratilgan.
Forumda 1 200 nafarga yaqin ishtirokchi, shu jumladan, 150 nafarga yaqin xorijiy spiker va rasmiylar, 40 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlardan vakillar qatnashadi. Forum doirasida 20 ga yaqin tadbir, jumladan, plenar sessiya, mahorat darslari, davra suhbatlari, 4 ta ko‘rgazma, shuningdek, ilk bor Xalqaro yoshlar yuridik forumi ham o‘tkaziladi.
Forum ochilishida prezidentning tadbir ishtirokchilariga tabrigi o‘qib eshittirildi.
“Anjumanda jahonning nufuzli tashkilotlari va 40 dan ortiq davlatlaridan yuqori martabali delegatlar, yetakchi oliygohlar va ‘aql markazlari’ning taniqli olimlari va ekspertlari ishtirok etayotgani uning nufuzi va ahamiyati tobora oshib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda”, deyiladi tabrikda.
Davlat rahbarining qayd etishicha, yuksak texnologik taraqqiyot jarayonida inson manfaatlari va adolat tamoyillariga amal qilish, samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish, raqamli suverenitetni ta’minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni har tomonlama kuchaytirishni davrning o‘zi taqazo qilmoqda.
“Texnologiyalar va virtual munosabatlar shiddat bilan hayotimizga kirib kelayotgan bugungi kunda sun’iy intellekt kabi taraqqiyotning eng ilg‘or yutuqlaridan umumbashariyat manfaatlari yo‘lida oqilona va samarali foydalanish zarur, deb hisoblaymiz”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Prezident shaxsiy daxlsizlik huquqi va taraqqiyot ehtiyojlari o‘rtasida nozik muvozanatni topish, intellektual mulk himoyasi, sohada qulay investitsiyaviy muhitni ta’minlash, shuningdek, yangi voqelik — “raqamli dunyo” sharoitida davlatlarning huquqiy transformatsiya jarayonlariga muvaffaqiyatli o‘tishi, ayniqsa, sun’iy intellekt yo‘nalishida tizimli hamkorlikni kuchaytirish va undan foydalanish etikasi bo‘yicha namunaviy qoidalar ishlab chiqish ustuvor ahamiyatga egaligini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu innovatsion huquqiy asos mazkur sohani samarali tartibga solishda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos namuna bo‘lib xizmat qilishi shubhasizligini bildirib, forumda ana shu muhim jihatlarni alohida hisobga olib, eng dolzarb masalalar muhokama qilinishi hamda amaliy taklif hamda tashabbuslar ishlab chiqilishi raqamli kelajakning mustahkam poydevorini yaratish va raqamli transformatsiya yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Izoh (0)