Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim ovqatlanish shoxobchalarida mijozlarga o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatilmayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Raqobat qo‘mitasi bu murojaatlar bo‘yicha o‘rganishlar olib bordi.

O‘rganishlar davomida xo‘randalarga taqdim etilayotgan taomnoma xorijiy tillarda ya’ni rus, ingliz, turk, xitoy va boshqa tillarda ekanligi aniqlandi.
Jumladan, Toshkentdagi Basri Baba turk taomlari restorani mas’ullarini jalb qilgan holda o‘rganilganda taomnoma faqat turk tilida ekanligi, ushbu holat xo‘randalarda birmuncha qiyinchilik tug‘dirayotgani o‘z tasdig‘ini topdi. O‘rganish natijasida restoran tomonidan taomnoma ma’lumotlari davlat tilida tayyorlanib, qo‘shimcha xorijiy tillarda ham berilishi ta’minlandi.
China chuan chuan MCHJga qarashli Xitoy taomlari restoranida xo‘randalarga xorijiy tilda munosabatda bo‘linayotgani yuzasidan tushgan murojaat o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida qonunbuzilish yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi. Endilikda restoranda davlat tilida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar faoliyat boshlab, rus va xitoy tillarida tuzilgan taomnomalar o‘zbek tilidagi tarjimasida xo‘randalarga berilishi ta’minlandi.
Shuningdek, Toshkentdagi “Mirzo Bobur” MCHJga qarashli Bon! kafesi xodimlari tomonidan mijozlarga rus tilida xizmat qilinayotgani bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda qoldirilgan murojaat ham o‘rganildi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, kafening 26 ta shoxobchasida taomnomalar xo‘randalarning talabiga asosan davlat tilida, shuningdek rus va ingliz tillarida taqdim etilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoq orqali Cakelab qandolat restorani tarmoqlarining taomnomasida rus tilida ma’lumotlar berilayotgani ham tanqid qilingandi. Mazkur masala restoran mas’ullarini jalb qilgan holda ijobiy hal etilib, taomnomalar davlat tiliga muvofiqlashtirildi.
“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 6-moddasiga muvofiq, tovar (ish, xizmat) to‘g‘risidagi ma’lumot iste’molchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur ma’lumot qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.
Aprel oyining boshlarida Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan til masalasi bo‘yicha munosabat bildirib, fuqarolar o‘zaro muloqot jarayonida foydalanadigan til bo‘yicha qonunchilikda qat’iy va majburiy talablar ko‘rsatilmaganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)