Mamlakatda eng ko‘p bo‘sh ish o‘rinlari chakana savdo, qurilish, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish va taʼlim sohalarida shakllanishda davom etmoqda. Bu haqda Markaziy bankning navbatdagi “Mehnat bozori sharhi”da maʼlumot berilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2023-yil yakuni bo‘yicha jami ish bilan band bo‘lgan aholi soni 312 ming kishiga oshgan.
“Iqtisodiyotdagi ishsizlik darajasi sezilarli darajada kamayib, 6,8 foizni tashkil qildi. Bandlikka asosiy hissa qo‘shgan sohalar qurilish va savdo tarmoqlari bo‘lsa-da, qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlar soni kamaydi”, —deyiladi sharhda.
Joriy yil yanvar–mart oylarida mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlari soni qariyb 36,8 mingtani tashkil etib, 2023-yil dekabr oyi ko‘rsatkichlariga nisbatan 14 foizga oshgan.
“Eng ko‘p bo‘sh ish o‘rinlari chakana savdo, qurilish, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish va taʼlim sohalarida shakllanishda davom etmoqda. Hududlar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlarining asosiy qismi Toshkent shahri (60 foiz atrofida), Samarqand (11 foiz) va Toshkent viloyatlariga (9 foiz) to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, yil boshidan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 8,2 foizga oshib, 262,8 ming kishini tashkil etdi. Tadbirkorlar asosan chakana savdo (+8,6 foiz) va maishiy xizmat ko‘rsatish (+18,9 foiz) faoliyat yo‘nalishlarida ro‘yxatdan o‘tmoqda. Ushbu holat o‘zini o‘zi band qilganlar bilan ham kuzatilib, ularning soni yil boshidan 287 ming kishiga yoki 11,8 foizga oshgan (2,8 million kishi)”, — deyiladi Markaziy bank tahlilida.
Sharhda keltirilishicha, qurilish va xizmatlar sohasi o‘sishi kelgusida umumiy iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, chakana savdoda bandlikning yuqori surʼatlarda o‘sishi iqtisodiyotda talabning saqlanib qolayotganini bildiradi.
“Taklif tomonidan ish qidirayotganlar orasida eʼlonlarning salmoqli qismi transport, qurilish, buxgalteriya va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri kelmoqda. Mehnat bozorida talabning mavjudligiga qaramasdan, uning ishchi kuchi taklifi bilan ayrim tarkibiy nomutanosibliklari bor. Bu, bir tomondan, oldingi davrlardagi bo‘sh ish o‘rinlari sonining sezilarli qismi saqlanib qolayotganida, boshqa tomondan esa xususiy sektordagi yuqori va o‘rta malakali ishchilarning ish haqi o‘rtasidagi tafovutda namoyon bo‘lmoqda. Bunda maxsus ko‘nikmalar talab etiladigan axborot texnologiyalari, tibbiyot, ishlab chiqarish kabi sohalarda bo‘sh ish o‘rinlari o‘tgan davrlarda saqlanib qolayotgan bo‘lsa, maishiy xizmatlar, qo‘riqlash (xavfsizlik) xizmatlari va talabalar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yuqori tezlikda yangilanib kelmoqda”, —deya qayd etilgan hisobotda.
Markaziy bank sharhida yozilishicha, 2024-yilning birinchi choragida respublikada ish haqining nominal o‘sish surʼati yillik 19,8 foizni, inflyatsiyani hisobga olgan holda esa 9,8 foizni tashkil etgan. Xususan, savdo (24,4 foizga) hamda axborot va aloqa (23,5 foizga) sohalarida yuqori ko‘rsatkichlar saqlanib qolgan. Qurilish sohasida mehnat resurslari taklifining o‘sishi hisobiga ish haqi o‘sishi pastroq shakllanmoqda (6,6 foiz).
Tahlillarga qaraganda, yanvar–mart oylarida tashqi mehnat migratsiyasi tendensiyalarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmagan.
“Bu, birinchi navbatda, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,6 foizga oshgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari dinamikasida o‘z aksini topdi. Ayni paytda xorijiy davlatlar tomonidan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga bo‘lgan talab yuqori shakllanib kelmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, birinchi chorakda xorijiy bo‘sh ish o‘rinlari soni 46 mingdan ortiqni tashkil qilgan. Shu bilan birga, talab geografik jihatdan ham kengayib bormoqda (Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Vengriya, Belarus va boshqalar). Xorijiy bo‘sh ish o‘rinlarida maʼlum ko‘nikma va malakalarga bo‘lgan talab muhojirlarning ishga joylashishida asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda”, — deyiladi Markaziy bank sharhida.
Avvalroq Statistika agentligi 2024-yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistondagi nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi 4,9 million so‘mga yetgani maʼlum qilgandi.
Izoh (0)