AQSH o‘tgan hafta Isroil armiyasiga mahalliy ishlab chiqarilgan o‘q-dorilarni yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu haqda isroillik ikki rasmiyga tayanib, Axios xabar berdi.
Axios suhbatdoshlariga ko‘ra, AQSHdan qurol-yarog‘ yetkazib berishning to‘xtatilishi Isroil hukumatida jiddiy xavotir uyg‘otgan. Ular bu qarorning sabablarini bilishmaydi, Oq uy izoh berishdan bosh tortgan. Mazkur vaziyat AQSH va Isroil o‘rtasida G‘azo sektoridagi keyingi harbiy harakatlar, xususan, milliondan ortiq falastinliklar istiqomat qiladigan Rafah shahriga bostirib kirish borasidagi kelishmovchilik kuchayotgan bir paytda kuzatildi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tashqi bosimga qaramay, Rafahga bostirib kirish rejasi bekor bo‘lmasligini aytgandi. O‘z navbatida, Bayden demokratlar va amerikaliklarning bosimi ortib bormoqda. Ular Amerika qurollari yordamida Isroil G‘azoda gumanitar qonunlarni buzayotgani va tinch aholini o‘ldirayotganini ta’kidlaydi.
O‘tgan oy AQSH prezidenti Jo Bayden Netanyaxuning G‘azo operatsiyasiga yondashuvini xato deb atadi va sulh tuzishga chaqirdi. AQSH bu hafta Isroilning Rafah shahrida tinch aholini himoya qiladigan HAMASga qarshi rejalashtirilgan operatsiya rejasini ko‘rmaganini takrorladi va Vashington bunday hujumni qo‘llab-quvvatlay olmasligini yana bir bor ta’kidladi.
Izoh (0)