AQSH Xalqaro jinoiy sud (XJS) Isroilning G‘azodagi harakatlarini tergov qilishiga qarshi chiqmoqda. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
AQSH XJS Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Isroilning boshqa yuqori martabali amaldorlarini hibsga olishga order berishi mumkinligiga munosabat bildirdi. Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyer AQSH tergovni qo‘llab-quvvatlamasligini, shuningdek, Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud bunday yurisdiksiyaga ega emasligini aytdi.
Isroil rasmiylarining ikki manbasiga ko‘ra, Netanyaxu 28-aprel kuni Bayden bilan telefon suhbati chog‘ida order berilishi ehtimolidan xavotir bildirgan. AQSH rasmiylari XJS order berishni rejalashtirganiga ishonchi komil emasligini bildirgan. Biroq bir qancha nodavlat tashkilotlar va Rim statutini imzolagan davlatlar sudni bunga undayotganini ma’lum qilgan. Oq uy ikki yetakchi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbat tafsilotlarini ochiqlamadi.
Avvalroq Isroil ommaviy axborot vositalari Netanyaxu Xalqaro jinoiy sud uni, Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant va Bosh shtab boshlig‘i Gertsi Halevini hibsga olish uchun order berishidan qo‘rqishini xabar qilgandi.
Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud 2021-yildan beri G‘azo sektoridagi harbiy jinoyatlarda ayblab, HAMAS va Isroilga nisbatan surishtiruv olib bormoqda. G‘arbiy Sohilda isroillik ko‘chmanchilar tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik harakatlari bo‘yicha ham tergov kechmoqda.
Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini qabul qilgan davlatlar, agar ayblanuvchilar ushbu davlatlar hududida bo‘lsa, orderga muvofiq ularni hibsga olishi va Gaagaga topshirishi shart. AQSH kabi Isroil ham Xalqaro jinoiy sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi.
Izoh (0)