Sanepidqo‘mitaning Toshkent shahar boshqarmasi “Andijon muzqaymog‘i” iste’mol qilayotgan kishilarni ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu nom bilan sotilayotgan ko‘chadagi muzqaymoqlar qachon, qayerda va qay sharoitda tayyorlangani haqida hech qanday ma’lumot mavjud emas. Bundan tashqari, qadoqlarda mahsulotni qanday sharoitda va qancha muddatgacha saqlash mumkinligi ham yozilmagan. Shunday ekan, ushbu mahsulotni iste’mol qilish hayot uchun xavfli hisoblanadi.
Qo‘mitaning qo‘shimcha qilishicha, ushbu mahsulotni ko‘chada sotish uchun hech qanday ruxsatnoma olinmagan. Ular taqdim etishi mumkin bo‘lgan ruxsatnoma ko‘chada sotish uchun emas, balki ishlab chiqaruvchi korxona uchun berilgan.
Iste’mol uchun sotilayotgan har bir mahsulot, albatta, qadoqlangan bo‘lishi va unda ishlab chiqarilgan joyi, sanasi, mahsulot tarkibi va saqlash muddatlari alohida ko‘rsatilishi kerak. Ushbu mahsulotda esa bunday ma’lumotlarni qidirib topolmaysiz. Muzqaymoq sut va sut mahsulotlaridan tayyorlanadi va u tez o‘zgaruvchanlik xususiyatini yuzaga keltiradi. Muzqaymoqlar minus haroratda saqlanishi talab etiladi. Bunday holatda saqlanganda muzqaymoq erib, sifati o‘zgaradi.
Bu idishlar esa muzlatkich emas, ular mahsulotni to‘g‘ri holda saqlab berolmaydi, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, oziq-ovqat sotuvchi har bir xodim har 6 oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va maxsus kiyim bilan ta’minlangan bo‘lishi ham talab etiladi. Agar sotuvchi yuqumli kasallikka chalingan bo‘lsa, savdo jarayonida mijozlarga ham yuqtirishi mumkin.

“Sotuvchilar sotuv jarayonida sanitariya qoida va me’yorlariga amal qilmasligi holatlari ham uchrab turadi. Ular maxsus qo‘lqoplardan ham foydalanmaydi.
Mavsum boshida ushbu muzqaymoqlar laboratoriya sharoitida tekshirilganda ular tarkibida stafilokokk bakteriyasi aniqlangan. Ushbu bakteriya oziq ovqatga tushganda va iste’mol qilinganida, oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi, tomoqda yallig‘lanish, toksiko-infeksiya yoki zaharlanish holatlari yuzaga keladi”.
Mutaxassislar salomatlikni saqlash uchun qadoqlanmagan, tekshiruvdan o‘tmagan mahsulotlar iste’mol qilmaslikka chaqirdi.
2024-yilda Sirdaryo viloyati, Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi katta yo‘l yoqalarida “Andijon muzqaymog‘i” savdosi bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar faoliyatiga chek qo‘yilgandi.
Izoh (0)