Shveysariyaning Reyl banki O‘zbekiston va Qozog‘iston sobiq prezidentlarining oilalari uchun pul yuvganlikda gumonlanmoqda. Jurnalistlar bank va Shveysariyaning moliyaviy bozorni nazorat qiluvchi FINMA organi yozishmalarini o‘rgandi.

Ilgari Reyl banki Intesa Sanpaolo nomi bilan tanilgan bo‘lib, o‘zini butun dunyo bo‘ylab badavlat mijozlarning ishonchini qozongan “mas’uliyatli bank” sifatida ko‘rsatgan. Biroq OCCRP va Le Monde jurnalistlari qo‘lga kiritgan hujjatlarga asosan u Markaziy Osiyo yetakchilarining farzandlari uchun pul yuvishga xizmat qilgan bo‘lishi mumkin.
Yozishmalar shuni ko‘rsatadiki, Reyl banki “pul yuvishga qarshi kurashdagi zaif tomonlar” bo‘yicha tekshirilgan. FINMA 2023-yilda bankda tekshiruv o‘tkazgan va uning natijalariga ko‘ra “pul yuvish xavfining juda yuqori darajasi, shuningdek, ushbu xavfga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashish bo‘yicha majburiyatlarni bajarishda ma’lum darajada beparvolik” mavjudligini aniqlagan. Buni bankka yuborilgan bir nechta xatlar va Reyl bankining javoblari tasdiqlaydi.
Agentlikning o‘zi ayblov e’lon qilish vakolatiga ega emas, biroq bunday vaziyatlarda ishni Shveysariya huquq-tartibot idoralariga topshirishi mumkin. Shuningdek, u bank litsenziyasini qaytarib olish, noqonuniy daromadlarni musodara qilish va ayrim bankirlarga ma’lum sohalarda ishlashni taqiqlash huquqiga ega.
FINMA agentligi bankka nisbatan bunday choralar ko‘rgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Shuningdek, agentlik shikoyat qilgani yoki boshqa majburiy choralar ko‘rgani noma’lum.
Reyl banki mijozlari ro‘yxatida Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning qizi Dinara Kuliboyeva va O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimovaning turmush o‘rtog‘i Timur Tillayev ham bor.
Lola Karimova va uning eri Karimov davrida o‘zining hashamatli turmush tarzlari bilan tanilgan. 2013-yilda BBC bilan bo‘lgan intervyusida Lola Karimova Jenevaga ko‘chib o‘tganini aytgan edi.
2012-yilda FINMA shveysariyalik aktivlarni boshqarish kompaniyasi Fidurhone’ni, uning mijozlari bo‘lgan Tillayev va Karimova bilan aloqalari “maxsus yuqori” xavf tug‘dirishi haqida ogohlantirgan. Ikki yil o‘tgach, agentlik kompaniyadan ular bilan aloqalarni uzishni so‘ragan. Chunki Tillayev va Karimovaga tegishli kompaniyalarning hisoblaridagi mablag‘lar 190 million frankka oshgan.
Keyinchalik Federal moliya departamenti Fidurhone ta’sischi sherigini Tillayev bilan bog‘liq hisobda shubhali faollik haqida xabar bermagani uchun jarimaga tortgan.
OCCRP tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, 2024-yil yanvar oyida regulyatorlar Reyl Bank’ka Tillayev hisoblariga oid yozuvlarni, shuningdek, “O‘zbekiston bilan aloqasi bo‘lgan” barcha mijozlar haqidagi ma’lumotlarni topshirishni buyurgan.
Bunga javoban bank FINMA’ga Lola Karimovaning opasi Gulnora haqidagi salbiy xabarlar e’lon qilinganidan keyin Tillayevning hisoblari qayta ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.
Timur Tillayev vaziyatga izoh berish so‘roviga javob bermadi, deyiladi OCCRP surishtiruvida.
Izoh (0)