Donald Tramp AQSH Davlat departamentini keng ko‘lamli isloh qilishni rejalashtirmoqda. Xususan, u Afrikadagi operatsiyalarni bekor qilib, demokratiya, inson huquqlari va qochqinlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi barcha byurolarni yopish niyatida. Bu haqda Amerika yetakchisining farmoni loyihasida aytilmoqda.

Oq uy buyrug‘i loyihasida Davlat departamentini keng miqyosda qayta tashkil etish, jumladan, uning Afrikadagi deyarli barcha operatsiyalarini tugatish, qit’adagi elchixona va konsulliklarni yopish taklif qilingan, deb xabar bermoqda The New York Times. Aniqlik kiritilishicha, Tramp hujjatni shu haftadayoq imzolashi mumkin.
Loyihada, shuningdek, AQSH Davlat departamenti markaziy apparatining iqlim o‘zgarishi, qochqinlar, demokratiya va inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi bo‘limlarini qisqartirish taklif qilinmoqda. Boshqarma vazifalarni bajarish samaradorligini oshirish, byudjet yo‘qotishlari, firibgarlik va suiiste’molchiliklarni kamaytirish maqsadida qayta tashkil etilmoqda. Kerakli o‘zgarishlar 1-oktyabrga qadar amalga oshirilishi kutilmoqda.
Tramp ma’muriyati prezidentlikning birinchi yilida bir millionga yaqin muhojirni deportatsiya qilishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. Agar reja muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bir yilda deportatsiya qilinganlar soni Barak Obama prezidentligi davrida o‘rnatilgan rekordni yangilaydi. O‘sha paytda mamlakatdan 400 mingga yaqin odam chiqarib yuborilgan edi.
Izoh (0)