Ukrainadagi urush 2026-yilda ham davom etsa, mamlakat uchun harbiy ehtiyojlarga kamida 120 milliard dollar kerak bo‘ladi. Bu haqda Ukraina mudofaa vaziri Denis Shmigal ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlari bilan muzokaralar olib bormoqda, chunki bu mablag‘ning 60 milliard dollarini hamkorlardan olish rejalashtirilgan. Shmigal Ukraina “o‘zining noyob jangovar tajribasi, texnologiyalari va innovatsiyalarini” ittifoqchi davlatlar bilan bo‘lishishga tayyor ekanini aytgan. Kiyev qo‘shma korxonalar tashkil etish, litsenziyalar berish va hamkor mamlakatlarda ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yishni taklif qilmoqda.
Urush davrida bunday mahsulotlar Ukraina armiyasi ehtiyojlari uchun ishlatiladi va uzoq muddatli istiqbolda hamkorlarimizning mavqeini mustahkamlaydi, degan Shmigal.
U harbiy sanoatni rivojlantirish, ayniqsa FPV va uzoq masofali dronlar, tutib olish tizimlarini ishlab chiqarishga qo‘shimcha sarmoyalar zarurligini ta’kidlagan.
Ukraina sobiq mudofaa vaziri Rustem Umerov esa mamlakat uzoq masofali dronlar yordamida Rossiyaga zarbalar sonini keskin oshirishga tayyorlanayotganini aytgandi. U bunga “o‘n minglab” dronlar jalb etilishini bildirgan. Ularning nishoni Rossiyaning harbiy obyektlari bo‘ladi.
Umerovning ta’kidlashicha, 2025-yilda armiya Ukraina korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan 4 milliondan ortiq dronlarni oladi. Yevropa Ittifoqi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Ukrainaga deyarli 160 milliard yevro, jumladan, Ukraina Facility dasturi doirasida 50 milliard yevro ajratgan. 2025-yilda Yevropa Ittifoqi davlatlari Kiyevga 23 milliard yevrolik qo‘shimcha harbiy yordam va’da qilgan. Shuningdek, muzlatilgan Rossiya aktivlari hisobidan 30 milliard yevrolik kreditlar taqdim etgan.
Ukrainaga boshqa davlatlar ham harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda. Xususan, Avstraliya 160 million dollarlik yordam paketi doirasida Ukrainaga 49 ta M1A1 Abrams tankining asosiy qismini yetkazib bergan.
Izoh (0)