Isroil Knessetining spikeri Amir Ohana, Falastin davlatini tan olishni istagan mamlakatlar uni Falastin hududida emas, balki o‘z poytaxtlarida tashkil etishlari kerakligini bildirdi. Bu bayonot Jenevada Parlamentlararo ittifoq tomonidan tashkil etilgan parlament spikerlarining oltinchi jahon konferensiyasida yangradi.

“Agar siz Falastin deb ataladigan davlatni xohlasangiz, uni Londonda, Parijda, o‘z mamlakatlaringizda barpo eting”, dedi Ohana, boshqa mamlakatlardan kelgan hamkasblaridan “targ‘ibotni emas, haqiqatni tanlashni” so‘rab.
Ohana bosib olingan Falastin hududlaridagi harbiy harakatlarni oqlab, boshqa mamlakatlarni “tarixning to‘g‘ri tomoniga o‘tishga” da’vat qilgan.
“Ba’zi Yevropa davlatlari tarafdori bo‘lgan soxta tinchlik faqat yanada kattaroq urushga olib keladi. Ammo biz olib borayotgan urush haqiqiy tinchlikka erishish uchundir”, dedi Isroil davlat arbobi.
Ushbu bayonot Yevropa davlatlarining Falastinni tan olish bo‘yicha so‘nggi harakatlariga javoban berildi. 29-iyul kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, agar Isroil G‘azodagi insonparvarlik blokadani to‘xtatmasa va tinchlik sari qadam tashlamasa, London sentyabr oyida Falastin davlatini tan olishi mumkinligini ma’lum qildi.
Fransiya avvalroq Falastin davlatini hech qanday shartlarsiz tan olishga va’da bergan edi, Malta ham unga ergashdi. 2023-yil oktyabr oyidan beri Norvegiya, Yamayka, Ispaniya, Irlandiya, Armaniston, Bagama orollari, Sloveniya, Barbados hamda Trinidad va Tobago allaqachon Falastinni tan olgan.
Ta’kidlanishicha, Ohananing nutqi paytida Eron, Yaman va Falastin vakillari norozilik bildirgan holda zaldan chiqib ketishgan.
2023-yil oktyabr oyidan beri Isroil bosqinining qurbonlari umumiy soni 60 ming kishini tashkil etdi. 146 ming kishi jarohat olgan.
Izoh (0)